25янв

Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish tartibi va o‘ziga xos xususiyatlari bag`ishlangan yig`ilish

Joriy yilning 25 yanvar kuni boshqarmaning majlislar zalida “Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish tartibi va o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida targ‘ibot va tushuntirish ishlari yuzasidan yig`ilish o`tkazildi. Yig`ilishda boshqarma bosh yuristkonsulti, boshliq o`rinbosarlari, bo`lim va laboratoriya mudirlari, ishchi xodimlar va Xorazm viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari Kuryazov Jamoladdin Shavkatovich va Isakov Zafarbek Baxodirovich qatnashishdi. Yig`ilishda 2023 yil 30 aprelda kuchga kirgan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi haqida aytib o`tildi. 

Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, mehnat nizolari ikki turga bo‘linadi, ya’ni yakka tartibdagi mehnat nizolari va jamoaviy mehnat nizolari.

Ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qo‘llash, xodim uchun yakka tartibdagi yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud yakka tartibdagi mehnat shartlarini (shu jumladan mehnatga haq to‘lashni) o‘zgartirish masalalari bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar yakka tartibdagi mehnat nizolaridir.

Yakka tartibdagi mehnat nizolariga quyidagi nizolar ham kiradi:

  • ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan ilgari mehnatga oid munosabatlarda bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi nizo;
  • ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzish istagini bildirgan shaxs o‘rtasidagi nizo, agar ish beruvchi ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etgan bo‘lsa.

Xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) o‘rtasidagi:

  • yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan, mehnatga haq to‘lashni) o‘zgartirish masalalari bo‘yicha;
  • jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini, shuningdek qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni tuzish va o‘zgartirish masalalari bo‘yicha;
  • mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar jamoaviy mehnat nizolaridir.
  • Ish beruvchilar xodimlarning o‘zlariga yuborilgan talablarini ko‘rib chiqish uchun qabul qilishi shart.
  • Ish beruvchi qabul qilingan qaror to‘g‘risida kasaba uyushmasi qo‘mitasiga xodimlarning talablari olingan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida yozma shaklda xabar beradi.
  • Ish beruvchilarning (ish beruvchilar birlashmalarining) vakillari kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining, agar tegishli darajada kasaba uyushmalari mavjud bo‘lmasa, xodimlar boshqa birlashmalarining o‘zlariga yuborilgan talablarini ko‘rib chiqishi va qabul qilingan qaror haqida ularga ko‘rsatilgan talablar olingan kundan e’tiboran 1 oy ichida xabar berishi shart.
            Yig`ilishda xodimlar o`zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan javoblar olishdi.