KIBERXAVFSIZLIK — AXBOROT XAVFSIZLIGINING MUHIM OMILI
Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida kiberjinoyatlarning oldini olish, xodimlarning axborot xavfsizligi borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan profilaktik yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda boshqarma rahbariyati, bo‘lim boshliqlari va mas’ul xodimlar hamda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari ishtirok etdilar. Shahar va tuman bo‘linmalari xodimlari esa yig‘ilishda Zoom platformasi orqali onlayn qatnashdilar.
Yig‘ilish davomida internet tarmog‘ida sodir etilayotgan kiberjinoyatlar, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hamda xizmatga oid axborotlarning xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, shubhali havola va xabarlarga ishonmaslik, begona shaxslarga maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik, elektron qurilmalar va axborot tizimlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.Mazkur tadbir xodimlarning kiberxavfsizlik borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish, kiberjinoyatlarning oldini olish hamda axborot xavfsizligini ta’minlashda ogohlik va hushyorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

