Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Xorazm viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Bog‘ot tumanida «Virusli gepatit kasalligining oldini olaylik» mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Otajonov so‘zga chiqib, virusli gepatitga qarshi kurashish borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini, shu bilan birga ushbu kasallikning oldini olish va profilaktika choralarini yanada kuchaytirish bugungi kunda ham dolzarb vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.Tadbirda Bog‘ot tuman Yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari, tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari, oilaviy shifokorlar hamda tibbiyot xodimlari faol ishtirok etdilar. Ishtirokchilarga virusli gepatit kasalligining kelib chiqish sabablari, yuqish yo‘llari, kasallikning dastlabki belgilari, uni erta aniqlash, davolash hamda samarali profilaktika choralarini amalga oshirish yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida virusli gepatitning yuqumli kasallik ekani, u jigar faoliyatining buzilishi bilan kechishi, kasallikning ayrim turlari ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari va qaynatilmagan ichimlik suvi orqali, boshqalari esa qon va biologik suyuqliklar orqali yuqishi mumkinligi haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, xavfsiz tibbiy muolajalarni amalga oshirish, emlash hamda muntazam tibbiy ko‘riklardan o‘tish virusli gepatitning oldini olishda muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.
Seminar yakunida mutaxassislar virusli gepatitning oldini olish, kasallikni erta aniqlash va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Tadbir interaktiv tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilarga mavzu yuzasidan erkin fikr almashish, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha bahs-munozara olib borish imkonini berdi.