Xiva tumanidagi ta’lim muassasalarida sanitariya holati o‘rganildi



Bolalar sog‘lom muhitda ta’lim va tarbiya olishi — barchamiz uchun muhim masala. Shu maqsadda Xiva tumanidagi bir nechta maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sanitariya holati o‘rganildi.
Xiva tuman 2-son maktabgacha va maktab ta’limi tashkiloti faoliyati o‘rganilishi jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, muassasa kirish qismida tibbiyot xodimi tomonidan ertalabki filtr nazorati yo‘lga qo‘yilmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, katta guruh xonalarida yoritgich vositalarining bir qismi nosoz holatda ekani qayd etildi.
Tekshiruv davomida qo‘l yuvish uchun mo‘ljallangan rakovinalarning ayrimlari ishlamasligi, ba’zilarida suv ta’minoti uzilgani aniqlandi. Idish-tovoq saqlash xonasida bolalar uchun mo‘ljallangan non mahsulotlari yaqinida isitish tizimi uchun mo‘ljallangan ko‘mir mahsuloti saqlanayotganligi hamda, tashqi hojatxonada qo‘l yuvish uchun doimiy suv ta’minoti mavjud emasligi, chiqindixonalar vaqtida tozalanmaganligi kuzatildi.
Tekshiruv jarayonida Xiva tuman 1-son maktabgacha ta’lim muassasasidagi oshxona faoliyati ham o‘rganildi. Oshxonada ventilyatsiya tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, pishgan va xom go‘sht mahsulotlari saqlanadigan joylar sanitariya qoidalariga mos joylashtirilmagani aniqlandi.
Bundan tashqari, o‘rta guruh xonalarida elektr simlarining ochiq holatda ekani xavfsizlik talablariga zid ekani ta’kidlandi. Bolalar ovqatlanadigan xonalarda oyna va derazalarda tashqi hasharotlardan himoya qiluvchi moslamalar o‘rnatilmagani sababli pashsha va chivinlar ko‘paygan. Bu esa turli kasalliklar tarqalishi xavfini oshiradi.
Shuningdek, bolalar ichish uchun mo‘ljallangan qaynatilgan suv ochiq idishlarda saqlanayotgani, idishlar sanitariya talablariga javob bermasligi ham qayd etildi.
Tumaning 25-son maktab ta’limi muassasasida esa boshlang‘ich sinf xonalaridagi stol va stullar bolalar yosh va bo‘yiga mos emasligi, bu esa salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlandi. Shu bilan birga, maktab ichida qo‘l yuvish uchun yetarli sharoitlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ul xodimlarga tegishli tavsiyalar berildi. Sanitariya talablariga qat’iy rioya etish va mavjud kamchiliklarni qisqa muddat ichida bartaraf etish bo‘yicha choralar belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik


