28ноя

Emlashning ahamiyati va bu borada aholiga to‘g‘ri ma’lumot yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli

Urganch shahridagi “Karavan” mehmonxonasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda YUNISEF hamkorligida ikki kunlik o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari mutaxassislari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida aholiga emlash jarayonlarini samarali tashkil etish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari, shuningdek, aholiga aniq va asosli ma’lumot yetkazishda OAVning o‘rni alohida qayd etildi.

Shuningdek, YUNISEF ekspertlari xalqaro tajriba, zamonaviy kommunikatsiya strategiyalari hamda emlash bo‘yicha axborot-targ‘ibot ishlarining samarali metodlari haqida ma’ruzalar taqdim etdi.

Tadbir davomida jurnalistlar va boshqarma mutaxassislari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etilib, emlash bo‘yicha mavjud savollar va noto‘g‘ri tasavvurlarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tadbirning asosiy maqsadi — OAV bilan tizimli hamkorlikni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi axborot siyosatini yanada takomillashtirish, hududlarda immunizatsiya va profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirishdan iborat bo‘ldi.