28ноя

Milliy liboslar: an’ana va zamonaviylik uyg‘unligi

Barchamizga ma’lumki, haftaning har juma kuni “Milliy liboslar kuni” etib belgilangan. Ushbu tashabbus milliy qadriyatlarimizni yanada targ‘ib qilish, an’analarimizni asrab-avaylash hamda milliy liboslarimizning kundalik hayotimizdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mazkur tashabbus doirasida Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Yangibozor tuman bo‘limi ishchi-xodimlari ham faol ishtirok etib, haftaning har juma kuni o‘zbek milliy liboslarida ish joylariga tashrif buyurdilar.

Ayollarning atlas va adras kabi milliy matolardan tikilgan liboslari nafaqat estetik go‘zallikni, balki xalqimizning boy madaniy merosini ifoda etdi. Bu liboslar ish muhitiga o‘zgacha fayz va ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Erkaklarga milliy bosh kiyimi — do‘ppilar yanada yarashib, umumiy muhitga uyg‘unlik kiritdi.

“Milliy liboslar kuni” nafaqat tashqi ko‘rinishdagi chiroy, balki milliy o‘zlikni anglash, o‘zbekona odob-axloq va qadriyatlarni hurmat qilish, yosh avlodga ajdodlarimiz merosini yetkazish kabi maqsadlarni ham o‘zida mujassam etadi.

Shuningdek, jamoa tomonidan mazkur kun munosabati bilan milliy liboslar tarixiga oid suhbatlar va kichik madaniy tadbirlar tashkil etildi. Xodimlar o‘z liboslari, ularning ramziy ma’nolari va an’analardagi o‘rniga doir qiziqarli ma’lumotlar almashdilar. Bu esa jamoada iliq muhit yaratib, milliy qadriyatlarga bo‘lgan e’tibor va hurmatni yanada mustahkamladi.