12дек

Juma – milliy liboslar kuni qadriyatlarimizga hurmat va e’tibor

Barchamizga ma’lumki, haftaning har juma kuni “Milliy liboslar kuni” etib belgilangan. Ushbu tashabbus mamlakatimizda milliy qadriyatlarni mustahkamlash, yurtimizning boy madaniy merosini keng targ‘ib qilish hamda xalqimizning o‘zligiga sadoqatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari ham har juma kuni o‘zbek milliy liboslarida ish jarayonida ishtirok etib, milliy an’analarni amalda qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ayollarning atlas va adras kabi milliy matolardan tikilgan liboslari nafaqat nafislik va go‘zallik ramzi, balki xalqimizning qadimiy tarixidan darak beruvchi madaniy merosimizdir. Erkaklar tomonidan kiyilgan milliy do‘ppilar esa o‘zbekona sadoqat va iftixorning yorqin timsolidir.

“Milliy liboslar kuni” tashabbusi bugun nafaqat tashqi ko‘rinish masalasi, balki milliy o‘zlikni anglash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan muhim ma’naviy jarayon sifatida e’tirof etilmoqda.